Mameshova Dilafruz Orinboyevna
Ushbu teatrda 2007 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.
D.Mameshova ishga chanqoq, o‘ziga talabchan yosh aktrisa sifatida teatr repertuaridagi sara spektakllarga jalb etilib, asosiy qahramonlar obrazini to‘laqonli ijro etishga kirishdi. “Tobutdan tovush” spektaklida Netayxon, “Bugunning shum bolasi”da Gulsum, “Ayiq”da I.Panora, “Sadoqat”da Gulchehra, “Eringni berib tur” komediyasida Marjon, “O, Nargiz”da Nargiz, “Orzumdagi mahbubam”da Laylo, “Jumboq”da Lola, “Soqov xotin”da Oypopuk kabi turli xarakterdagi qahramonlar rolini ijro etib kelmoqda.
O‘.Umarbekov asari asosida yaratilgan “Sadoqat”da Gulchehra roli bilan 2013 yil “Seni kuylaymiz, zamondosh!” Respublika teatrlarining ko‘rik- festivalida “Eng yaxshi ayol roli” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan.
Spektaklda D.Mameshova yaratgan Gulchehra obrazi arxitektura institutini tugatgan, oliy maʼlumotli qiz. U hayotida turli qiyinchiliklarga uchraydi, sevgan yori ikki yo‘l o‘rtasida tashlab ketadi, nohaqliklarning qurboniga aylanadi. Biroq Gulchehra tushkunlikka tushmaydi. Faqat olg‘a qadam tashlab, qishloqda zamonaviy binolar qurilishiga o‘z meʼmoriy jadval va rejalari bilan hissasini qo‘shadi.
“Orzumdagi mahbubam” spektaklida aktrisa iboli, hayoli, sevgisiga vafodor o‘zbek qizlarining tipik vakili sifatida ko‘rinadi. Yosh bo‘lishiga qaramay, kasb sirlarini mohirlik bilan egallagan aktrisa o‘ziga topshirilgan personaj xarakterini aniq ifodalar, mimikalar, jestlar va tabiiy ijro etishga harakat qiladi. O‘ynayotgan rolining bosh maqsadini tomoshabinga yetkazib berishga intiladi. Har bir rol ustida talabchanlik bilan ish olib boradi. Ustozlar maslahatiga doimo amal qilib, ijrolaridagi xatolarni to‘g‘rilab borishga harakat qiladi.
Teatr jamoasi orasida hurmatga sazovor. Ijodiy jamoa bilan respublikamizning barcha viloyatlarida gastrol safarlarida, umumxalq bayram tadbirlarida faol qatnashadi.