O‘zbekiston SSR Vazirlar Kengashining 1985 yil 30 oktabrdagi 493-r - sonli Farmoyishiga asosan 1985 yilning 4-choragida Satira teatri Toshkent shahrida tashkil topgan. 1986 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan Madaniyat xodimi A.Xodjayev, O‘zbekiston xalq artisti X.Saʼdiyevlar tashabbusi bilan teatrning ijodiy faoliyati “Yosh gvardiya” (hozirda O‘zbekiston davlat drama) teatri binosida rejissyor Nosir Otaboyev tomonidan sahnalashtirilgan “Tobutdan tovush” spektakli bilan ochilgan bo‘lib, “Gap egasini topadi” hajviy dasturi bilan davom ettirilgan. O‘zbekiston SSR Vazirlar Kengashining 1987 yil 22 sentyabrdagi 392-sonli qaroriga asosan Respublika satira teatriga xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor nomi berilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 26 mart “O‘zbekiston teatr sanʼatini rivojlantirish to‘g‘risida”gi PF-1980-sonli Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 22 maydagi “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan Respublikadagi barcha professional teatrlar, jumladan Abdulla Qahhor nomidagi Respublika Satira teatri ham O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimida tashkil etilgan “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi tasarrufiga o‘tkazilgan bo‘lib, o‘z faoliyatida unga bo‘ysungan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 26 iyuldagi 246-sonli Qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublika Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimiga kiruvchi teatr-tomosha tashkilotlari nomlarini zamon talablariga muvofiqlashtirish maqsadida Abdulla Qahhor nomidagi Respublika Satira teatri - O‘zbekiston davlat satira teatri deb o‘zgartirilgan. Toshkent shahar Hokimining 2015 yil 7 noyabrdagi 955-sonli Qaroriga hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining 2016 yil 11 yanvardagi 21-sonli “Teatrning texnik bazasini mustahkamlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Buyuk Ipak yo‘li, 434-uy manzilida joylashgan sobiq “TTZ” madaniyat uyi binosi O‘zbekiston Davlat satira teatriga balansdan-balansga foydalanish uchun topshirilgan. Teatrda bugunga qadar 105 shtat birligi mavjud bo‘lib, shundan, boshqaruv xodimlari soni – 6 ta, ijodiy boshqaruv xodimlari soni – 6 ta, mutaxassislar - 7 ta, ijodiy xodimlar 47 ta hamda texnik va xizmat ko‘rsatish xodimlari - 39 tani tashkil qiladi.