O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Xojiyev Tolib Tojiyevich
1999 yil “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.
Ushbu teatrda 2013 yildan buyon ishlab keladi.
T.Xojiyev 2013 yil Abdulla Qahhor nomidagi Respublika Satira teatriga ishga taklif etildi. Uning yorqin ijodiy yo‘li, hajviy dasturlari, komik xarakterdagi rollari bilan teatr repertuaridagi spektakllarda, ijodiy uchrashuvlarda tomoshabinlar eʼtibori va hurmatiga sazovor bo‘ldi.
T.Xojiyev ijodiy faoliyati davomida “Besh kunlik kuyov” spektaklida Mirzabahrom, “Tobutdan tovush”da Obidjon, “Temir xotin”da Olimtoy, “Sabil qoldi”da Uchariddin, “Gap egasini topadi”da Odiljon, chet el dramaturgi Tamkin asari “Quyosh o‘lkasida” Eryigit kabi spektakllarda turli xarakterdagi rollarni ijro etib kelgan.
Shuningdek, televizion miniatyuralar teatrida badiiy rahbar lavozimida faoliyat yuritib, ustoz sanʼatkor E.Karimovning izdoshi sifatida ish olib bordi.
T.Xojiyev ijodiy faoliyati davomida bir qator badiiy filmlarda suratga tushgan. Jumladan, “Sharif va Marif”, “Aka Sharif”, “Aka Sharif Toshkentda”, “Yuzsiz”, “Mergan melisa”, “Yetti haykal - bitta kal”, “Katta hovli” filmlarda bosh va ikkinchi darajali rollarni xalqona va tabiiy ijro etgan.
Shuningdk, T.Xojiyev spektakllarda rol ijro etish bilan birga “Maʼnaviyat – qalbim quyoshi”, “Ustozlarga taʼzim” kabi kichik intermediya va kulgili nomerlardan tashkil topgan dastur sahnalashtirib, respublikamizning viloyat, shahar, tumanlarida, sihatgohlarda ijodiy uchrashuvlar o‘tkazib, tomoshabinlar eʼtiboriga havola etib kelmoqda.
T.Xojiyev yetakchi ustoz sanʼatkor sifatida yosh aktyorlarga aktyorlik mahorati, sahna sanʼati sirlarini amaliyotda o‘rgatib kelmoqda.
T.Xojiyev jamoat ishlarida, gastrol safarlarida, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, ijodiy uchrashuvlarda faol qatnashadi. Samimiy va mehnatsevar, kamtarin inson. Mamlakatimiz miqyosida va viloyatlar bo‘ylab bo‘lib o‘tadigan Mustaqillik va “Navro‘z” umumxalq bayramlarini doimiy ishtirokchisi.
T.Xojiyevning mehnatlari xukumatimiz tomonidan eʼtirof etilib, 1999 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.