Oliy toifali artist, “Ko‘krak nishoni” soxibi Ibatulina Amina Afraimovna
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan “Ko‘krak nishoni” bilan taqdirlangan
Mazkur vazifada 2017 yildan buyon ishlamoqda.
A.Ibatulina kasbiga, o‘zbek teatr sanʼatiga bo‘lgan chuqur ehtiromi, sanʼatga xizmat qilish hissiyoti, g‘ayrati va shijoati bilan ijod ahli orasida hurmat-eʼtiborga sazovor bo‘lgan ijodkordir.
Yosh tomoshabinlar teatridagi 15 yillik ijodiy faoliyati davomida H.Fayziyev, M.Boboyev, X.Apponov, O.Sharif, M.Muxamedov, O.Dunkers, E.Masofoyev, M.Madazimova va boshqa ko‘plab taniqli ustoz rejissyorlar tomonidan sahnalashtirilgan spektakllarda bir-biriga o‘xshamas turli janrlardagi obrazlarni yaratgan.
Jumladan, muallif A.Raxmatning asari “Abdulla Nabiyev”, P.Telegenov “Yetti million umr”, L.Maxmudov “Ali-Vali”, Yu.Azimzoda “Yosh Nasriddin”, Po‘lat Mo‘min “Qovoqvoy-Chanoqvoy”, “Konfetoy-Suqatoy”, S.Mixalkov “Bebaho bola” va “Uch cho‘chqacha”, V.Barabash “Slavka Maslyonok va uning do‘stlari”, A.Zak “O‘n beshinchi bahor” spektakllarida turli rollarni ijro etgan.
Aktrisa mualliflar rus va chet el dramaturglarining sahnalashtirilgan asarlarida ham behisob obrazlar ijro etib, yaratgan obrazlarining o‘z xarakteri va yorqinligi bilan tomoshabin olqishiga sazovor bo‘lgan. Xususan, Yan Raynis, G.Sapgir, S.Prokofeva, A.Ismoilov, V.Rozov, A.Dyuma, N.Gogol, D.Fanvizin, V.Chichkov, S.Soloveychuk, Ye.Shvars, L.Frank, Ilovayskiy, Stelmax asarlari “Oltin tulpor”, “Etik kiygan mushuk”, “To‘rt tomchi”, “Uch mushketyor”, “Revizor”, “Gavrosh”, “Dumbul boyvachcha”, “Vafodor”, “Qizil Shapkacha”, “Qorbobo va Santa Klaus”, “Salom, ko‘k rangli chittak qush” va boshqa spektakllarda 40taga yaqin bir-biriga zid bo‘lgan ijobiy va salbiy obrazlarni yaratgan.
A.Ibatulina mustaqillik yillarida Respublika Satira teatri sahnasida Abdulla Qahhorning “Tobutdan tovush” asarida Hojar, Said Ahmad “Gap egasini topadi”da Vida, Tamanno, ZAGS mudirasi, Farxod Musajonov “Sabil qoldi”da O‘g‘iloy, Sharof Boshbekov “Temir xotin”da Alomat, Tovfiq al-Xakim “Qovurilgan o‘rdak parvozi”da Savdogarning xotini, A.Kozlovskiy “G‘aroyib kashfiyot”da Mariya, ustoz adiblar Shuhrat, To‘lqin, Abdulla Qahhorning “Besh kunlik kuyov”, “Buvam uylanmoqchi”, “Mayiz yemagan xotin”, “Ayajonlarim” spektakllarida Kishvarxon, Salomat aya, Asalbibi, Oynisa, Shoir Tavqidiyning xotini, To‘tiniso kabi tomoshabin qalbidan joy oladigan obrazlar yaratishga erisha oldi va teatr sanʼatida o‘ziga xos o‘rin egalladi.
2008-2016 yillarda A.Ibatulina rahbarligida Respublika estrada-sirk kollejida O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining “Estrada aktyorligi sanʼati” kafedrasi o‘qituvchilari bilan hamkorlikda kollejning Estrada aktyorlik bo‘limi uchun “Aktyorlik mahorati” fanidan o‘quv dasturi ishlab chiqildi va hozirgi kunda o‘quv qo‘llanmasi sifatida foydalanib kelinmoqda.
Shuningdek, Respublika Estrada kollejidagi faoliyati davomida o‘quvchi qizlarni “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti tanlovi, “Toshkentning oy qiziman” ko‘rik-tanlovi hamda “Xon atlas” festivalida ishtirok etish uchun tayyorlab, ularni tanlovlarda yuqori o‘rinlarni egallashida o‘z hissasini qo‘shdi.
O‘z ijodi davomida aktrisa ertak qahramonlaridan tortib, zamonaviy, klassik, rus va chet el dramaturglarining asarlarida lirik, satirik komediya janrlarida turli obrazlarni yaratib, ularning ichki va tashqi dunyosi, kechinmalari, his-hayajon va chuqur ruhiy holatlarini to‘laqonli ijro etib, tomoshabinga yetkazadi.
U yaratgan obrazlarning muvaffaqiyatli chiqishida albatta murabbiy sanʼatkorlar M.Xamidova, M.Yo‘ldosheva, X.Saʼdiyev, L.Saʼdullayev, B.Nurmuxamedov, Yo.Ziyomuxamedovlarning maslahatlari, ko‘rsatmalari munosib ulush bo‘lib, A.Ibatulina ustozlar ishonchini oqlagan sanʼatkor darajasiga yetgan desa mubolag‘a bo‘lmaydi.
A.Ibatulina hozirda O‘zbekiston davlat satira teatrida teatr repertuariga kiritilgan va ijodiy repetitsiyalari davom etayotgan asarlarda xarakterli va yorqin obrazlar ustida qizg‘in izlanish ishlarini olib bormoqda. Jumladan, Shukrulloning “To‘ydan keyingi tomosha” J.Ruzmetovning “Quduq” pʼesasida hamda rejissyor Valixon Umarov tomonidan sahnalashtirish jarayonidagi A.Volodinning “O‘z yoringdan ayrilma”, “Uylanish” da Fyokla Ivanovna obrazlarini yaratdi.
O‘zining shirinso‘zligi, kamtarligi, samimiyligi, xushfeʼlligi bilan teatr jamoasi hamda sanʼat ahli orasida hurmatga sazovor bo‘lib, ustoz sanʼatkorlar qatoridan joy olgan.